jins

Uztransgaz

14.03.2020

2.jpgO‘lkamizga mayin sabolari bilan kirib kelgan fasli bahorning ajoyib bayramlari bor. Ulardan biri yasharish va yangilanish ayyomi “Navro‘zi Olam”dir. Bugun o‘lkamizda ushbu qadriyatimizni munosib nishonlashga tayyorgarlik jarayonidagi muhim tadbirlardan biri, umumxalq hashari o‘tkazilmoqda. “Obod yurt” shiori ostida o‘tkazilayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirida “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv apparati va hududiy bo‘linmalarning barchasidagi xodimlari bajonu-dil ishtirok etmoqdalar.

Zero, hashar kunlarida odamlar orasida o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni yanada kuchaytirish, beg‘araz yordam, mehr-muruvvat kabi ezgu fazilatlarni yuksaltirish, bino-inshoatlarni hamda xududlarni obod qilish va ko‘kalamzorlashtirish, sanitariya holatini yaxshilash ishlari umumxalq harakati darajasiga ko‘tariladi.

Xalqimizda azaliy odatlardan biri, ko‘pchilik ishtirokida o‘tadigan tadbirlarga  astoydil tayyorgarlik ko‘rishdir. Asrlar davomida ajdodlarimizdan to hozirgi zamondoshlarimizning ham qon-qoniga singib ketgan hashar kabi qadriyatlar o‘zini shu yurt farzandiman, deb biluvchi, uning taqdiriga dahldor har bir millatdoshimizning ko‘ngil istagidir. Shundan bo‘lsa kerak, korxona binolariyu, hovlisi va yaqin atrofdagi gulzoru-bog‘chalarda ish qizg‘in. Hovli maydonlarni tartibga keltirish, yerlarni yumshatish, daraxtlarga shakl berish va  oqlash kabi yumushlar bayram arafasida atrof-muhitga saranjom-sarishtalik baxsh etibgina qolmay, fidoyi yurtdoshlarimizning bahri-dilini ham ochib yuboradi…

“O‘ztransgaz” AJ Matbuot xizmati

Возврат к списку