jins

Uztransgaz

14.07.2023

Assalomu alaykum hurmatli yurtdoshlar!

Bugungi birifing davomida “O‘ztransgaz” AJ tomonidan joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinadi.
 
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 15 iyundagi “Tabiiy gaz bozorini isloh qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan AJ faoliyatida yangi sahifa boshlandi. Endilikda «O‘ztransgaz» AJ tabiiy gazni tashish, saqlash va tranzit qilishga ixtisoslashgan yagona magistral gaz uzatish tizimi operatoriga aylandi.
 
Bugungi kunda “O‘ztransgaz” AJ tizimida 14 ta hududiy va tizim tashkilotlari bo‘lib, ularda 8 mingdan ortiq ishchi-xodim mehnat qilmoqda.

Joriy yilning olti oyi davomida respublika iste’molchilariga qariyb 21 milliard kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi.
 
Bugungi kunda “O‘ztransgaz” AJ 14 ming kilometrga yaqin magistral gaz quvurlariga xizmat ko‘rsatadi. Gaz transport tizimining ishonchli va xavfsiz ishlashini ta’minlash, tabiiy gazni magistral gaz quvurlari orqali tashishdagi yo‘qotishlarni minimallashtirish maqsadida yangi tarmoqlar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya hamda modernizatsiya qilish tadbirlari amalga oshirilmoqda. O‘tgan yarim yillikda qariyb 83 km uzunlikdagi yangi magistral gaz quvurlari qurildi. Jumladan, Respublika iste’molchilarining aksariyatini tashkil etuvchi Farg‘ona vodiysini tabiiy gaz bilan ta’minlashda muhim tarmoq sanalgan “Farg‘ona-Rishton” MGQning 39 km uzunlikdagi 2-tarmog‘i, shuningdek gaz transport tizimining modernizatsiya dasturi bo‘yicha 38 km, Sirdaryo viloyatida qurilayotgan quvvati 1500 MVtga teng issiqlik elektr stansiyasini tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun 3,4 km magistral gaz quvuri, “Yangi Andijon” GTS hamda unga keltiruvchi 2,2 km gaz quvuri qurildi. Joriy yil so‘ngiga qadar 117 km magistral gaz quvurlarini qurish hamda 47 km kapital ta’mirlash ishlarini bajarish rejalashtirilgan.

O‘tgan davr mobaynida “Buxoro-Ural”, “Gazli-Nukus”, “Muborak-Kogon”, "Muborak-Zirabuloq" hamda yana qator magistral gaz quvurlarida aniqlangan nuqsonli qismlar almashtirildi. Ayni yo‘nalishdagi ishlar rejaga asosan davom etadi.
 
1 oktyabrdan shimoldan Respublika hududiga import bo‘ladigan tabiiy gaz hajmini o‘lchash maqsadida “Xiva-Beyneu” magistral gaz quvurining 307-kilometrida gaz o‘lchov stansiyasi qurish rejalashtirilgan. Shu kunlarda loyihalashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

2023 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, "O‘ztransgaz" AJ tarkibida 22 ta kompressor stansiyasi bo‘lib, ularda 43 ta kompressor sexi va 232 ta gaz haydash agregatlari mavjud. 2023 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, 12 ta agregat mukammal, 15 tasi o‘rta va 21 tasi joriy ta’mirlandi. 2023 yilda gaz haydash agregatlarini optimal rejimda ishlatish natijasida 26 mlrd. so‘m iqtisod qilindi.
Endi gazni yer ostida saqlash omborlarida olib borilayotgan faoliyat xususida. Gazni yer ostida saqlash inshootlariga qariyb 3,5 mlrd. m3 tabiiy gaz jamlash rejalashtirilgan. Ayni kunlarda “Gazli” hamda “Xo‘jaobod” GЕOSIlariga 920 mln. m3 tabiiy gaz jamlandi. Hozirda ayni yo‘nalishdagi faoliyat davom etmoqda. 
 
Joriy yilning may oyida qayta sertifikatlashtirish auditini muvaffaqiyatli yakunlash natijasida “O‘ztransgaz” AJ integrallashgan menejment uchun xalqaro va milliy sertifikatlashtirish tizimida ISO 9001:2015, ISO 14001:2015, ISO 45001:2018, ISO 50001:2018 standartlari talablariga muvofiqligi bo‘yicha sertifikatga ega bo‘ldi.
 
Shuningdek, o‘tgan olti oy davomida “O‘ztransgaz” AJ tasarrufidagi magistral gaz quvurlarining 98 %, shuningdek 413 ta gaz taqsimlash stansiyasi, 23 ta kompressor stansiyalari  Milliy geoaxborot tizimiga kiritildi.

Raqamlashtirish har bir sohaning samarali faoliyat olib borishi kafolati. Energetika tizimi ham bundan mustasno emas. Joriy yilning oktyabr oyiga qadar Energiya resurslari va texnologik jarayonlar hisobini monitoring qilishning avtomatlashtirilgan tizimi hamda Tezkor dispetcherlik hisobini yuritish avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda mavjud tizim orqali tabiiy gaz 6 texnologik parametr bo‘yicha tadqiq qilinayotgan bo‘lsa, yuqorida nomlari keltirib o‘tilgan tizimlarning joriy etilishi ayni ko‘rsatkichni 64 taga yetkazish imkoni beradi. Bugungi kunda Energiya resurslari va texnologik jarayonlar hisobini monitoring qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish doirasida tizimdagi 7 ta boshqarmada jami 318 dona kontroller va 885 ta gaz hisoblash uskunasi o‘rnatildi.

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq xaridlar Jamiyat tomonidan elektron ravishda amalga oshirilib kelinmoqda. Natijada subyektiv omillarga barham berildi. Bundan tashqari, xaridlar shaffofligini ta’minlash hamda ko‘proq tadbirkorlarni jalb qilish maqsadida Jamiyatning 2023 yil uchun buyurtmalari Davlat xaridlari elektron tizimi va Jamiyatning korporativ veb-sahifasiga joylashtirib borilmoqda.

Shuningdek mahalliylashirish darajasini oshirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va import hajmini kamaytirish ham doimiy e’tiborda. Xususan, 2022 yil davomida 16,6 mln. AQSH dollari miqdoridagi valyuta tejaldi. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ayni ko‘rsatkich 2,5 mln. AQSH dollarini tashkil qildi. Amalga oshirilgan import tarkibi tahlil qilinib, mahalliylashtirish uchun 26 dan ortiq mahsulot va xizmatlar ro‘yxati shakllantirildi.
 
Jamiyatda energiya resurslarini tejash yo‘nalishi doirasida o‘tgan davrida elektr qurilmalarida o‘tkazilgan taftish va profilaktik sinovdan o‘tkazish, rejim sozlash shuningdek ta’mirlash ishlari natijasida tizimda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 38 mln.kVt.soat elektr energiya kam iste’mol qilingan.

E’tiboringiz uchun rahmat, salomat bo‘ling!


Возврат к списку