Янгиланган сана: 04.25.2024 16:42:45




Energetika vazirligi: 3 500 dan ziyod xonadonning bir oylik iste’moli miqdoridagi tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanish holati aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini uzlyuksiz ravishda elektr energiyasi, tabiiy gaz hamda issiqlik energiyasi bilan ta’minlash borasida bir qator ishlar olib borilmoqda.

Shunga qaramasdan, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan o‘zboshimchalik bilan tabiiy gaz tarmoqlariga ulanib, xech qanday hujjatlarsiz noqonuniy ravishda tabiiy gazdan foydalanish holatlari aniqlanmoqda. Bu esa o‘z navbatida, aholida tabiiy gaz tanqisligini keltirib chiqarib, ularning asosli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Joriy yilning 7 dekabr kuni Toshkent viloyati, Ohangaron tumani, Nurobod qo‘rg‘onida joylashgan “MEGA BLOCK INVESTMENT” MChJga qarashli gazoblok ishlab chiqarish korxonasining tabiiy gazdan foydalinish holati o‘rganilganda, jamiyat tomonidan noqonuniy ravishda tabiiy gazdan foydalangan holda, ohak mahsuloti ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotganligi ma’lum bo‘lgan.

Mazkur jamiyat “Hududgaz Toshkent” MChJ tomonidan 2019 yil 2 dekabrda berilgan 0332-sonli texnik shartga ko‘ra qish mavsumida tabiiy gaz etkazib berilishi kafolatlanmagan iste’molchilar toifasiga kiradi.

Bundan tashqari, 2020 yil 1 noyabr holatiga jamiyatning tabiiy gazdan 135 million so‘m debitor qarzdorligi mavjud bo‘lsada, davlat mulkini talon-toroj qilish maqsadida jami 313 ta nostandart gaz yondirgichlari bilan jihozlangan, 3 ta xumdonlarda (o‘lchami 4x25 metr) ohak mahsuloti tayyorlanayotganligi aniqlangan.

“Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filiali va “MEGA BLOCK INVESTMENT” MChJ o‘rtasida 2020 yil 1 iyul kuni tuzilgan shartnomada (12-09/346-sonli) ham jamiyatda faqatgina gazobeton ishlab chiqarish uskunasi hamda maishiy gaz jihozlari (umumiy soatlik gaz iste’moli 431,84 metr kub) ko‘rsatilgan xolos.

Shu bilan birga, gazobeton ishlab chiqarish uskunasi hamda maishiy gaz jihozlarida sarflangan gaz miqdorlari hisobini yuritish uchun o‘rnatilgan “Flougaz” rusumli hisoblagichi ham nosoz bo‘lganligi tahmin qilinmoqda.

Bunga sabab, 2020 yilning 27 noyabr kunidan oldingi arxiv ma’lumotlari mavjud emasligi (saqlanmaganligi) hisobdonga tashqi ta’sir ko‘rsatilgan deb hisoblanmoqda.

Holat aniqlangan vaqtda tarmoqdagi tabiiy gaz bosimi 2,7 kgs/sm2 ni tashkil qilganligi bois, gaz ta’minoti filiali tomonidan amalga oshirilgan dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra jami 3 mlrd. 189 mln. 417 ming so‘m (3189,5 ming kub metr) zarar etkazilganligi aniqlanib, hozirgi kunda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirish uchun birlamchi hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

Mazkur 3189, 5 ming metr kub tabiiy gaz bilan o‘rtacha 3500 dan ziyod hovli uylarning bir oylik ehtiyojini qondirish imkonini beradi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini uzlyuksiz ravishda energiya resurslari bilan ta’minlash maqsadida, tezkor guruhlar tomonidan joylarda olib borilayotgan o‘rganish ishlari davom ettirilayotganligini bildiramiz.

O‘zbekiston Respublikasi

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Орқага қайтиш