OAV biz haqimizda

Yangilangan sana: 04.18.2024 16:22:52




“O‘ztransgaz” AJ: Kogondagi avariya tabiiy gaz ta’minotiga ta’sir qilmaydi


Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati Kogon magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli “KS-1” gaz-kompressor stansiyasida ro‘y bergan yong‘in kuz-qish mavsumida aholiga tabiiy gaz yetkazib berilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida turli xabarlar tarqalmoqda.

Darhaqiqat “KS-1” stansiyasida sodir bo‘lgan yong‘in 2022-2023 yilgi kuz-qish mavsumida tabiiy gaz yetkazib berishga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi? “KS-1” gaz-kompressor stansiyasi qachon to‘liq ta’mirlanib, qayta foydalanishga topshiriladi?

“O‘ztransgaz” AJ tomonidan tashkil etilgan press-turda shu va shu kabi savollarga oydinlik kiritildi. Avariya oqibatlarini bartaraf etish, stansiyada olib borilayotgan ta’mirlash ishlari hamda vodiy viloyatlariga tabiiy gaz yetkazib berish masalalari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

– Mazkur stansiyadagi avariya Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berishda muammolarga sabab bo‘lmaydi, – deydi Buxoro viloyati Kogon magistral gaz quvurlari boshqarmasi boshlig‘i Nodir Amonov. –Chunki, bu stansiya Buxoro va Navoiy viloyatidagi yirik iste’molchilarga, shuningdek, Samarqand viloyatining 3 ta tumaniga gaz yetkazib berar edi. Qolaversa, ushbu holat davlat rahbari va keng jamoatchilikdan yashirib kelinayotgani haqidagi xabarlar ham mutlaqo asossiz. Stansiyaga talafot yetgach, hatto hodisa joyini tozalash ishlari ham mas’ul idoralar ruxsati bilan, maxsus xulosa olingachgina amalga oshiriladi. Kompressor stansiyasini tiklash-ta’mirlash uchun esa respublikadagi 4 ta yirik loyiha institutlari jalb etilgan.

Stansiyani tezkorlik bilan tiklash maqsadida loyiha institutlarining barchasi bilan bir vaqtning o‘zida hamkorlik qilinmoqda. Ular o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ishlarni jadal olib bormoqda. Stansiyada ta’mirlash ishlari boshlanmaganligi haqidagi xabarlar ham asossiz. Chunki, loyiha ishlari uchun ham ma’lum vaqt talab etiladi. Qolaversa, ta’mirlash yoki stansiya hududida qurilish ishlarini borish uchun ham tegishli xulosa olinishi zarur. Hodisa oqibatida 16 ming kub gaz yongan, stansiyaga 56 million so‘m zarar yetgan. Zarar miqdori kamligining sababi “KS-1” stansiyasi 1964 yilda ishga tushirilgan, ya’ni amortizatsiya muddatini o‘tab bo‘lgani bois, kadastr hujjatlarida nol balansda edi.




















Ma’lumot uchun, joriy yil 11 iyunda “KS-1” gaz kompressori stansiyasida yong‘in sodir bo‘lgan edi. Unda hech kimga ziyon yetmagan.

Soha xodimlarining ta’kidlashicha, biror bir gazkompressor stansiyasida avariya chiqqan taqdirda ham iste’molchilarga tabiiy gazni uzluksiz yetkazib berish uchun zaxira tarmoqlardan foydalaniladi. Xususan, bugungi kunda respublikada ikkita yerosti gaz saqlash ombori mavjud. Ushbu omborxonalar gaz iste’moli kamaygan yoz mavsumi chog‘ida to‘ldirib olinadi. Omborxonalarda to‘plangan gaz kuz-qish mavsumida iste’molchilarga yetkazib beriladi.

Press-turda ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob berildi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA





Ortga qaytish

Foydali Sahifalar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech