OAV biz haqimizda

Yangilangan sana: 04.29.2024 16:30:53




"O‘ztransgaz" AJ tizimida "Kompressor stansiyalarni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ta’minlash” bo‘yicha yirik loyiha amalga oshiriladi

   Loyiha boshlanishi munosabati bilan G‘allaorol magistral gaz quvurlari boshqarmasida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda "O‘ztransgaz" AJ rahbariyati va “China Datang Overseas Investment Co.,Ltd.” kompaniyasi raisi Jia Bingjun ishtirok etdi. Xitoylik hamkorlar boshqarmaning elektr ta’minoti tizimi va mavjud imkoniyatlarni ko‘zdan kechirishdi. Loyihadan kutilayotgan natijalar va uni amalga oshirish mexanizmlari haqida suhbatlashildi. Shuningdek, hamkorlikdagi bitimning shartlari bo‘yicha asosiy kelishuvlarni belgilovchi hujjat (Heads of Terms) imzolandi. 

Loyihani amalga oshirish nima uchun kerak edi?

Gap shundaki, "O‘ztransgaz" AJ tasarrufidagi kompressor stansiyalarning ehtiyojlari uchun yiliga o‘rtacha 633 mln kVt/soat elektr energiyasi sarflanadi. Shuning asosiy qismi, ya’ni 600 mln kVt/soat energiya iste’moli Gazli, Kogon, Zirabuloq, G‘allaorol va Yangiyerdagi eng yirik 5 ta kompressor stansiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Xitoylik hamkorlar tomonidan amalga oshiriladigan loyiha mazkur stansiyalarda gazni tejash va atmosferaga zararli moddalar chiqarilishi hamda gaz haydash agregatlarida yuzaga keladigan to‘xtalishlarning oldini olishga xizmat qiladi. Loyiha doirasida umumiy quvvati 110 MVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, har birining quvvati 35 kVt bo‘lgan jami 5 ta podstansiya va uzunligi 100 km havo elektr uzatish tarmog‘i quriladi. Buning uchun joylarda 200 gektar atrofida yer ajratiladi.

Loyihani amalga oshirish natijasida...

Dastlabki qiymati 150 mln dollar bo‘lgan xorijiy investitsiya hisobiga "China Datang Oversiys Investment” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladigan loyiha to‘liq ishga tushgandan so‘ng 50 ta doimiy ishchi o‘rni yaratiladi. Loyiha natijasida, 5 ta kompressor stansiyasi atrofida yiliga 192 mln kVt/soat yashil energiya ishlab chiqarilishiga, 55 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga va 198 ming tonna zararli modda atmosferaga chiqarilishining oldini olishga erishiladi. Kompressor stansiyalar yillik elektr energiya iste’molining 32 foizi quyosh fotoelektrik stansiyalar orqali ishlab chiqarilgan energiyasi hisobiga qoplanadi. Quyosh fotoelektrik stansiyalarning kamida 25 foiziga akkumulyator batareyalarini o‘rnatish orqali, asosiy elektr tarmoqlarida uzilishlar ro‘y bergan hollarda gaz haydash agregatlarida yuzaga keladigan avariyaviy to‘xtalishlarning oldi olinadi. Loyihani amalga oshirish natijasida 170 mlrd so‘m mablag‘ iqtisod qilinadi.

Ma’lumot uchun: 2002 yilda tashkil etilgan “China Datang Overseas Investment” Xitoydagi 5 ta yirik elektr ishlab chiqaruvchi korxonalardan biri. Xitoyning 32 ta provinsiyasida hamda 4 ta xorij mamlakatlarida loyihalarni amalga oshiradi. Kompaniya aktivlarining umumiy hajmi 118 mlrd dollarni tashkil etib, jami o‘rnatilgan quvatlarning hajmi 172 GVtdan ortadi. Kompaniya “Inner Mongolia Datang International Tuoketuo Power Generation Company” dunyodagi yirik ko‘mir elektrostansiyasi, “Chifen Sayxanba” eng katta shamol elektrostansiyasi, 158 GVt quvvatidagi “Longtan” yirik gidroelektr stansiyalariga egalik qiladi. Kompaniya xodimlari – 100 ming nafardan ortiq. O‘zbekistonda 2024 yil boshidan Bo‘ka shahrida 263 MVtli quyosh panellarini qurish ishlarini olib bormoqda. Navoiy viloyatida 1 GVt li shamol elektrostansiyasini qurish ham rejalashtirilmoqda.
"O‘ztransgaz" AJ tizimida "Kompressor stansiyalarni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ta’minlash” bo‘yicha yirik loyiha amalga oshiriladi (kun.uz)




Ortga qaytish

Foydali Sahifalar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech