OAV biz haqimizda

Yangilangan sana: 01.12.2026 11:29:29




"O‘ztransgaz" AJ – yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tadbirlarida faol ishtirokchi


Yurtimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasida ularni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi shakllandi. Endilikda mamlakatimizda yoshlar bilan ishlashning "mahalla–tuman–viloyat–respublika" mexanizmi joriy etilib, “yoshlar balansi” asosida har bir yosh bilan individual ishlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Shu asosda vazirlik va idoralar, shuningdek, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hududlarda yoshlarga ko‘mak berish, ularni ishga joylashtirish hamda o‘z tashabbuslari asosida band bo‘lishlariga yordam berishga qaratilgan tizimli faoliyat olib bormoqda.

"O‘ztransgaz" AJ ham mazkur jarayonlarda faol ishtirok etmoqda. Jamiyat rahbariyatiga Bekobod tumanidagi Yangi Hayot, Yoshlik, Parchayuz, Dehqonobod va Paxtakor mahallalaridan yoshlar biriktirilgan bo‘lib, ularni qo‘llab-quvvatlash, kasbiy salohiyatini oshirish hamda o‘z-o‘zini band qilishida amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

So‘nggi oylar davomida ushbu mahallalarda yoshlarga oid suhbat va uchrashuvlar tashkil etilib, ularning qiziqishlari, kasbiy intilishlari va ehtiyojlari o‘rganildi. Natijada kimga qanday yordam zarurligi, qaysi yoshlarning qaysi sohada ishlash istagi borligi aniqlandi. Shu asosda manzilli ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha aniq reja ishlab chiqildi.

Mazkur rejani amalga oshirish maqsadida "O‘ztransgaz" AJ boshqaruv raisining maslahatchisi Lola Sharipova ishtirokida Bekobod tumanida uchrashuv o‘tkazildi. Tadbir davomida yoshlarga o‘z tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish va foydali faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun zarur texnika vositalari topshirildi.

Xususan, motokultivator, tikuv mashinasi, payvandlash uskunasi, havo kompressori hamda dori sepish apparati kabi jihozlar o‘z-o‘zini band qilish istagini bildirgan yoshlarga manzilli tarzda yetkazib berildi. Ushbu texnik yordam yoshlarning kichik biznesni yo‘lga qo‘yishiga, oilaviy daromadni oshirishiga va mahalla miqyosida faol bo‘lishiga imkoniyat yaratadi.

Tadbirda Bekobod tumani hokimi ham ishtirok etib, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tashabbuslarning dolzarbligini alohida ta’kidladi.

"O‘ztransgaz" tomonidan yoshlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy va shaxsiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Kompaniya tomonidan tashkil etilayotgan turli o‘quv kurslari, mahorat darslari va ijtimoiy loyihalar yosh mutaxassislar uchun munosib tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.

– Yoshlar biz uchun asosiy tayanch hisoblanadi. Shu bois ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, turli sohalarda o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun zarur imkoniyatlar yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda. Tashkilotimizda turli ijtimoiy loyihalar orqali yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dastur joriy etilgan. Shu tariqa, "O‘ztransgaz" yosh avlod vakillariga o‘z qobiliyatini namoyon etish, ilg‘or tajribani o‘zlashtirish va kasbiy o‘sishda zarur shart-sharoitlar yaratish orqali soha taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish imkonini taqdim etmoqda, – dedi L.Sharipova.

Bunday amaliy chora-tadbirlar yoshlarning ijtimoiy faolligini kuchaytirish, ularni samarali mehnatga yo‘naltirish va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishida muhim omildir.

N.Ziyodullayeva, O‘zA

"O‘ztransgaz" AJ – yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tadbirlarida faol ishtirokchi




Ortga qaytish

Foydali Sahifalar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech