Your license has expired. This site will stop functioning in two weeks. Renew your license now АО "УЗТРАНСГАЗ"

jins

Uztransgaz

21.08.2026

O‘zbekistonda gaz transport tizimining samaradorligini oshirish, tabiiy gaz yo‘qotishlarini kamaytirish va metan emissiyalarini boshqarish bo‘yicha zamonaviy xalqaro yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan yangi loyiha amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-avgustdagi 444-son qarori bilan Jahon banki ishtirokidagi “O‘zbekistonda gaz sizib chiqishlarini bartaraf etish mexanizmini yaratish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy, moliyaviy va institutsional choralar belgilandi.

Loyihaning umumiy qiymati 10,6 mln AQSh dollarini tashkil etib, Jahon bankining grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Loyiha doirasida “O‘ztransgaz” AJ gaz transport infratuzilmasida gaz sizib chiqishlarini aniqlash va bartaraf etish, metan emissiyalarini o‘lchash va monitoring qilish, hisobot yuritish hamda natijalarni verifikatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ilg‘or xalqaro amaliyotlarni bosqichma-bosqich joriy etadi.

Loyihaning muhim jihatlaridan biri — gaz yo‘qotishlarini kamaytirish natijasida erishilgan iqtisodiy samarani gaz infratuzilmasini yanada takomillashtirishga qayta yo‘naltirish uchun barqaror moliyaviy mexanizm yaratilishidir. Amalga oshirilgan ishlar natijasida tejalgan tabiiy gaz hajmlari mustaqil verifikatsiyadan o‘tkaziladi. Tasdiqlangan natijalar asosida shakllanadigan mablag‘lar maxsus hisobvaraqlarda jamlanib, gaz tizimining samaradorligi va ishonchliligini oshirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Shu tariqa, loyiha faqat mavjud gaz sizib chiqishlarini bartaraf etish bilan cheklanmaydi. U aniqlash, o‘lchash, ta’mirlash, monitoring, hisobot, verifikatsiya va qayta investitsiya qilishni o‘zaro bog‘laydigan yaxlit tizimni shakllantirishni nazarda tutadi.

Loyiha doirasida “O‘ztransgaz” AJning metan emissiyalarini boshqarish bo‘yicha texnik va institutsional salohiyati ham mustahkamlanadi. Zamonaviy o‘lchash va monitoring yondashuvlarini joriy etish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda xalqaro tajribani amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Loyihani muvofiqlashtirish Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda “O‘ztransgaz” AJ hamkorligida amalga oshiriladi.

Mazkur loyiha gaz resurslaridan yanada oqilona foydalanish, gaz transport infratuzilmasining samaradorligi va ishonchliligini oshirish, metan emissiyalarini kamaytirish hamda tejalgan resurslarni gaz sizib chiqishi holatlarini bartaraf qilishga qayta yo‘naltirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.


Ro'yxatga qaytish