Komplaens nazorati
“O‘ztransgaz” AJ Boshqaruv raisining barcha xodimlariga murojaati
Hurmatli hamkasblar!
Bugungi kunda mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan “qonun ustuvorligi va inson qadri” tamoyili barcha sohalar qatori neft-gaz tarmog‘i uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, korrupsiya — jamiyat rivojiga, davlat idoralari va iqtisodiyot taraqqiyotiga jiddiy to‘siq bo‘ladigan salbiy illatdir. Shu bois, unga qarshi kurashish nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning, balki har bir rahbar va xodimning ustuvor vazifasi bo‘lishi shart.
O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, har bir davlat va xo‘jalik yurituvchi subyektda korrupsiyaning oldini olish, unga barham berish hamda jamoat ongida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatlarni shakllantirish vazifasi belgilangan.
Shu asosda, “O‘ztransgaz” AJ faoliyatida qonuniylik, shaffoflik, halollik va adolat tamoyillari ustuvor hisoblanadi. Korrupsiyaga, manfaatlar to‘qnashuviga, nepotizmga va xizmat vakolatlaridan suiiste’mol qilish holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.
Har bir xodim o‘z xizmat burchini vijdonan ado etishi, qonun talablariga qat’iy rioya qilishi, davlat va jamiyat manfaatlarini ustuvor deb bilishi hamda shaxsiy mas’uliyatini chuqur anglashi shart. Qonunga zid har qanday holat haqida belgilangan tartibda xabar berilishi lozim bo‘lib, bunday shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlari davlat himoyasida bo‘ladi.
Xulosa sifatida ta’kidlab etmoqchimanki, korrupsiyaga qarshi kurash — bu faqat alohida tuzilmalarning emas, balki har bir xodimning fuqarolik va kasbiy burchidir. Qonunga sodiqlik, halollik va adolat “O‘ztransgaz” AJ faoliyatining mustahkam poydevori bo‘lishi shart.
Faqat shu yo‘l bilan biz jamiyat ishonchini mustahkamlaymiz, sohada barqarorlik va samaradorlikni ta’minlaymiz hamda kelajak avlod oldidagi yuksak mas’uliyatimizni munosib ado eta olamiz.