YOSHLAR FORUMI – SPORT, BILIM VA OCHIQ MULOQOT MAYDONI
Uztransgaz
12.08.2026
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida “O‘ztransgaz” AJ tizimidagi yosh xodimlar ishtirokida “Yoshlarga e’tibor – kelajakka e’tibor!” shiori ostida Yoshlar forumi o‘tkazildi.
Sport – sog‘lom hayot va jamoaviylik garovi
Forum dasturi doirasida ishtirokchilar o‘rtasida mini-futbol, voleybol va stol tennisi bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlarda yoshlar o‘zlarining chaqqonligi, jismoniy tayyorgarligi, g‘alabaga bo‘lgan intilishi hamda jamoada ishlash qobiliyatini namoyon etdilar. Musobaqalar sog‘lom raqobat va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tib, turli tarkibiy bo‘linmalar vakillari o‘rtasidagi hamjihatlikni yanada mustahkamladi.
Ushbu sport tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-dekabrdagi PQ-421-son qarorida belgilangan yoshlarni jamoaviy sport turlariga keng jalb etish va sport musobaqalarini muntazam tashkil qilish vazifalariga hamohang ravishda o‘tkazildi.
Zakovat kviz” – bilim va zukkolik bellashuvi
Forum doirasida tashkil etilgan “Zakovat kviz” intellektual o‘yini ishtirokchilarning bilim doirasi, tezkor fikrlash qobiliyati, mantiqiy yondashuvi va jamoaviy qaror qabul qilish ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.
Savollarga javob topish jarayonida jamoalar o‘zaro fikr almashib, bilim, zukkolik va hamjihatlik g‘alabaga eltuvchi muhim omil ekanini namoyon etdilar.
“Rahbar va yoshlar” – ochiq va samimiy muloqot
Forumning muhim tadbirlaridan biri Jamiyat rahbariyati ishtirokidagi “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘ldi.
Ochiq muloqot davomida yosh xodimlarning taklif va tashabbuslari tinglandi, ularni qiziqtirgan masalalar, ish jarayonida uchrayotgan muammo va kamchiliklar hamda ularning amaliy yechimlari yuzasidan fikr almashildi.
Forum yakunida sport musobaqalari va intellektual bellashuvlarda yuqori natijalarni qayd etgan jamoalar munosib taqdirlandilar.
Mazkur forum yoshlarni jismonan sog‘lom, intellektual salohiyatli, tashabbuskor va yagona maqsad sari harakat qiluvchi jips jamoa sifatida birlashtirishga xizmat qildi.